Skip to content

Ijaraga berish ​

Ijaraga berish ekrani mijozga mahsulot berishning hamma qadamini bir sahifaga yigʻadi. Tajribali xodim buni yarim daqiqada bajaradi.

Qanday boshlanadi ​

Ikki yoʻl bor:

  • Asosiy ekrandagi katta koʻk Ijaraga berish tugmasi;
  • pastdagi Ijaraga berish tugmasi.

Yuqorida Ijaraga berish sarlavhasi va ijaraning keyingi raqami (masalan, #00124) koʻrinadi.

Ijaraga berish ekrani

1. Mijozni tanlang ​

Mijoz boʻlimida Telefon raqam yoki ism maydoniga yozing. Mos mijozlar chiqadi — kerakligini bosing. Tanlangach, mijoz kartasida uning qarzi va faol ijaralari soni koʻrinadi; boshqa mijozni tanlash uchun Oʻzgartirish ni bosing.

Mijoz yoʻq boʻlsa ("Mijoz topilmadi — oʻngdagi tugma bilan qoʻshing"):

  1. Qidiruv maydonining oʻng tomonidagi tugmani bosing (Yangi mijoz qoʻshish). Yangi mijoz shakli ochiladi.
  2. Ism familiya (majburiy) va telefon raqamni kiriting.
  3. Kerak boʻlsa, Pasport va Izoh tugmalari bilan shu maydonlarni qoʻshing.

Alohida saqlash tugmasi yoʻq: yangi mijoz ijara saqlanganda (Ijaraga berish bosilganda) qoʻshiladi. Fikringizdan qaytsangiz — Bekor qilish.

Raqam allaqachon boshqa mijozga tegishli boʻlsa, "Bu raqam {ism}ga tegishli" deb ogohlantiradi — oʻsha mijozni Tanlash tugmasi bilan tanlang.

2. Mahsulotlarni qoʻshing ​

Mahsulotlar boʻlimida:

  • Nomi yoki kodi maydoniga yozing va roʻyxatdan tanlang. Har bir mahsulot yonida "N boʻsh" yozuvi bor;
  • yoki QR yoki shtrix-kod tugmasi bilan yorliqni skanerlang.

Mahsulot qidirish

Donalab mahsulotda kerakli donani kodi bilan tanlaysiz (masalan GN-0002). Bitta kod ikki marta qoʻshilmaydi: "{kod} allaqachon qoʻshilgan". Dona band boʻlsa, sababi koʻrsatiladi: "Ijarada — {mijoz}, #{raqam}", "Taʼmirda — N kundan beri" yoki "Hisobdan chiqarilgan".

Miqdor boʻyicha mahsulotda sonini − va + tugmalari bilan yoki yozib kiriting. Boʻshidan koʻp kiritsangiz, "Faqat N dona boʻsh" chiqadi.

Har bir qatorda tarifni tanlang: Kun, Hafta, Oy, Yil. Faqat mahsulotga narx qoʻyilgan tariflar koʻrinadi. Qator tagida hisob chiqadi, masalan 25 000 soʻm / oy × 40 = 1 000 000 soʻm. Qatorni olib tashlash uchun ✕ ni bosing.

3. Shartlar ​

Shartlar boʻlimida:

  • Boshlanish — ijara boshlanadigan sana (odatda bugun);
  • Qaytarish muddati — kk.oo.yyyy koʻrinishida (masalan, 24.09.2026). Muddatni kiritish shart emas — boʻsh qoldirsangiz "Belgilanmagan" boʻladi. Muddat bugundan oldin boʻlmasin;
  • Zalog — Yoʻq, Pul (Summa ni kiriting) yoki Hujjat (hujjat haqida qisqa yozuv, masalan "Pasport AA1234567");
  • Yetkazib berish — yoqsangiz, Yetkazish narxi chiqadi. Bu bir martalik toʻlov.

Zalog hujjat

4. Toʻlov ​

Toʻlov boʻlimi ixtiyoriy (ixtiyoriy deb yozilgan). Mijoz hozir pul bersa, Hozir toʻlanadigan summa ni kiriting va usulni tanlang: Naqd, Karta, Oʻtkazma, Click, Payme. Toʻliq toʻlash tugmasi birinchi davr summasini oʻzi yozadi.

"Boʻsh qoldirsangiz, mijoz keyinroq toʻlaydi." — qarz sifatida qoladi.

Maslahat

Click va Payme — faqat belgi. Ilova pulni oʻzi qabul qilmaydi: mijoz Click yoki Payme orqali toʻlaganini koʻrgach, summani siz oʻzingiz yozasiz.

5. Ijaraga berish ​

Pastdagi panelda ijaraning oldindan hisoblangan narxi koʻrinadi: "1 oy uchun" yoki bir nechta tarif aralash boʻlsa "Birinchi davr uchun". Hammasi toʻgʻri boʻlsa, Ijaraga berish tugmasini bosing.

Tugma faol boʻlmasa, uning oʻrnida sababi yoziladi:

YozuvNima qilish kerak
Mijozni tanlangMijozni tanlang
Mahsulot qoʻshingKamida bitta mahsulot qoʻshing
Xatoni tuzatingQizil rangda koʻrsatilgan qatorni toʻgʻrilang
Sanani tekshiringQaytarish muddatini tuzating

Zalogga Pul tanlangan boʻlsa, summa kiritilmaguncha Ijaraga berish tugmasi faol boʻlmaydi.

Tayyor ​

Ijara saqlangach, Berildi ekrani chiqadi: ijara raqami, mijoz, mahsulotlar, qaytarish muddati, zalog va toʻlov.

Berildi

  • Ijarani koʻrish — ijara sahifasi: Toʻlovlar va qarz.
  • Yangi ijara — keyingi ijarani boshlash.

Ijara haqi qanday hisoblanadi ​

Ijara haqi har kuni hisoblanadi va mahsulot qaytarilgunga qadar oʻsib boradi. Kunlar kalendar boʻyicha sanaladi: boshlanish kunidan qaytarish kunigacha (mahsulot hali mijozda boʻlsa — bugungacha), kamida 1 kun.

Tanlangan tarifda ijara haqi shunday topiladi: toʻliq davrlar soni × tarif narxi + qolgan kunlar × kunlik narx. Qolgan kunlar puli bitta toʻliq davr narxidan oshmaydi. Kunlik narx — mahsulotda Kun narxi bor boʻlsa oʻsha, boʻlmasa tarif narxining davrga boʻlingani (hafta — 7 kun, oy — 30 kun, yil — 365 kun).

Misol. Oy tarifi 300 000 soʻm, Kun narxi yoʻq. Mahsulot 35 kunga olindi: 1 oy (300 000) + 5 kun × 10 000 = 350 000 soʻm.

Yana bir muhim narsa: narx ijara berilgan paytda qotiriladi. Keyin mahsulot narxini oʻzgartirsangiz, mavjud ijaralarga taʼsir qilmaydi. Muddat oʻtgandan keyin ham jarima qoʻshilmaydi — shunchaki ijara haqi hisoblanishda davom etadi.